Abdulla Qodiriy haqida sara sherlar to‘plami
Abdulla Qodiriy haqida sherlar to‘plami. Abdulla Qodiriy 1894 yil 10-aprelda Toshkent shahrining Eskijo‘te mahallasida tavallud topgan.
Qodiriyni o’qib
Yillar oʻtib borsa-da, hamon
Qoʻmsab-qoʻmsab oʻqiymiz sizni.
Siz bamisli zangori osmon,
Biz qoʻmsaymiz osmonimizni.
Chaqir toshli tungi yoʻllardan
Otda yelib oʻtamiz birga,
Aylantirib Kumushning oddiy
Soʻzlarini bokira sheʼrga.
Yana ortga qaytamiz keyin,
Kelajakka boqamiz maftun.
Nimadandir ichikib, qiyin
Oʻylar ichra qolamiz beun.
Keyin yana uy derazasin
Ochgan kabi sof havolarga,
Boʻgʻriqqan, dim uy derazasin
Ochgan kabi shoʻx navolarga —
Tuyib dilda masʼum unlarni,
Titrab-titrab dil larzasidan,
Biz ochamiz “Oʻtgan kunlar”ni
Yuragimiz derazasiday.
Xurshid Davron.
Qodiriyning so’nggi surati
Buncha alam,
Buncha muhabbat…
Qorachiqda yonar hasrati.
Sen nimani tilaysan mendan,
Qodiriyning soʻnggi surati?
Yoki soʻylab bermoqchimisan
Kumushbibi, Otabek dardin,
Yo oʻz darding soʻylamoqchisan,
Qodiriyning soʻnggi surati?
Tunlar jimjit,
Tunlar koʻp uzun –
Tugamaydi dillar suhbati.
Sheʼr oʻqisam tinglaysan mahzun,
Qodiriyning soʻnggi surati?
Yoʻllarimda uchrasa xato,
Dil oʻrtasa elim hasrati,
Kelib sendan tilayman panoh,
Qodiriyning soʻnggi surati?
Qodiriyni olib ketganlari haqida sher
Kimsasiz, tinch bogʻ chetidagi
Oʻrindiqqa oʻtirgan bu chol,
Koʻksidagi – sir ichidagi
Sirlarini ochdi misli fol:
“…Qishmi, yozmi, yoki kuzimidi –
Esimda yoʻq, faqat yodimda:
Ikki devdek yigit turardi
Qodiriyning ikki yonida.
Uning soʻzi bitik qogʻozlar
Uchib yurar edi osmonda,
Taratardi ajib ovozlar,
Uygʻotardi qoʻrquvni qonda.
Ortda qolib borardi Toshkand,
Mahbus unga maʼyus boqardi –
Samarqandni tashlab ketyotgan
Bobur kabi rangi oqarib.
Panjaraning orqasidan u
Koʻrardi: kuz, yoz,qish te bahor…
Daraxtlarda boʻrtardi tuygʻu,
Xazon uchar, yogʻilardi qor.
Uning koʻzi osmonga qarab
Kimnidir jim siqtab chaqirdi,
Samarqandni tashlab ketayotgan
Bobur koʻzi kabi boqardi.
“Non” deb yozuv bitilgan moshin
Tuynugidan uning koʻzlari
Bu dunyoda hurlik te Vatan
Buyuk baxtdir, deya soʻzlardi.
“Oʻtgan kunlar” varaqlarini
Shundan keyin oʻqidi olov,
Shundan buyon olov telbadir,
Yalov boʻlay, der endi, yalov!”
Chol shunday deb boshini egdi.
Dedi: “Qanday odamlar oʻtgan!”
Soʻng u maʼyus koʻzini tikdi
Yashnab turgan bir tutam oʻtga.
Yashil edi, yosh edi bu oʻt,
Oʻynashardi barglarida nur.
Balki bu oʻt “Oʻtgan kunlar”ning
Yonib ketgan varagʻi erur.
Men jim edim: ogʻrirdi koʻksim,
Tegramda-chi: yoz, kuz, qish, bahor…
Daraxtlarda boʻrtardi kurtak,
Xazon uchar, boʻralardi qor.
Koʻkka boqsam: osmon yoʻq edi,
Yer yoʻq edi oʻrnimdan tursam.
Bir oʻq meni taʼqib qilardi
Oʻsha kuni qayoqqa borsam.
Koʻkragimni tutmoqchi boʻlib
Yoʻlin toʻssam, toʻxtar edi u.
Shivirlardim qaygʻuga toʻlib:
“Bu dunyoga qaytmas endi u!”
Shivirlardim dilimda alam,
Boqib oʻsha… oʻsha Toshkandga
Va osmondan kimdir ushbu dam
Mahzun boqib turardi menga…